Ishlab chiqaruvchi O'zbekiston bozoriga qanday kiradi
Distributor tanlashdan birinchi yetkazib berishgacha: qadamlar, muddatlar va eng ko'p uchraydigan xatolar.
O'zbekiston bozoriga chet el ishlab chiqaruvchisi to'g'ridan-to'g'ri chiqa olmaydi: mahsulot mahalliy yuridik shaxs nomidan ro'yxatdan o'tkaziladi va import ham shu shaxs orqali amalga oshadi. Ya'ni birinchi qaror — distributor tanlash.
1. Distributorni baholash
Uchta narsani so'rang: import litsenziyasi, ombor sharoiti bo'yicha xulosa va hozirgi portfeli. Portfelda sizga o'xshash mahsulot bo'lsa, bu tajriba emas, raqobat bo'lishi mumkin — kim bilan ishlayotganini aniqlang.
2. Shartnoma turini tanlash
Eksklyuziv shartnomada bozorda bitta manba bo'ladi va narx nazorat ostida qoladi, lekin distributordan yillik reja va marketing byudjeti talab qilinadi. Eksklyuzivsiz model tezroq boshlanadi, ammo parallel import va narx urushi xavfi saqlanadi.
3. Ro'yxatdan o'tkazish
O'rtacha 3–5 oy. Dossier tarjima qilinadi va notarial tasdiqlanadi, namunalar laboratoriyaga topshiriladi. Guvohnoma import qiluvchi nomiga rasmiylashtiriladi — shartnomada uning shartnoma tugagach o'tkazilishi tartibini oldindan yozib qo'ying.
4. Birinchi yetkazib berish
Sinov partiyasi odatda kichik bo'ladi: bozor reaksiyasi va qadoq talablari tekshiriladi. Yorliqda davlat tilidagi matn bo'lishi shart — buni oldindan kelishib oling, aks holda partiya bojxonada qoladi.
Eng ko'p uchraydigan xatolar
Birinchisi — hujjatlardagi nomuvofiqlik: tarkibdagi komponent nomi spetsifikatsiyaga mos kelmaydi va ekspertiza to'xtaydi. Ikkinchisi — bir vaqtning o'zida bir necha distributor bilan gaplashish: bozor kichik, bu tezda ma'lum bo'ladi va ishonchni yo'qotadi.